Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova boshchiligida sohada olib borilayotgan qator islohotlar natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan “Vazir soati” bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish avvalida maktabgacha ta’lim tizimiga doir joylarda olib borilayotgan jarayonlar mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Xususan, bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari, sohani raqamlashtirish hamda bog‘chalarga yo‘llanma berish jarayonlari tilga olindi.
Olis va chekka hududlardagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishda “Aqlvoy” mobil guruhlari va Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini yanada jadallashtirish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimida faoliyati yo‘lga qo‘yilayotgan Muhandislik maktablarini tashkil etish jarayonlari haqida ham so‘z yuritildi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab har yili umumta’lim maktablari o‘rtasida Prezident sovrini uchun «Ilg‘or muhandislik maktabi» milliy tanlovi o‘tkaziladi hamda Respublika bosqichi g‘oliblari uchun xorijiy davlatlarga ta’lim sayohati taqdim etiladi.
Vazir soatida sohaga doir yana bir yangilik sifatida endilikda milliy sertifikatga ega bo‘lgan boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun har oyda 15 foizlik ustama to‘lab borilishi aytib o‘tildi.
Shuningdek, oktabr-noyabr oylarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan pedagog kadrlarning malaka toifa (test) sinovlariga tayyorgarlik jarayonlari tahlil qilindi.
Ma'lumot o‘rnida: malaka sinovlarida qatnashish uchun 240 mingdan ortiq pedagoglardan arizalar kelib tushgan bo‘lib, ularning 180 mingga yaqini jarayonlarda qatnashishi kutilmoqda.