Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha islohotlar dasturlari va “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida
“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston xalqi va Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan islohotlar ijrosini samarali tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
I. 2026-yilga moʻljallangan ustuvor islohotlarni belgilash va ularning ijrosini tashkil etish chora-tadbirlari
1. Quyidagilar mahallani rivojlantirish boʻyicha amalga oshiriladigan ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) mahallalarda 10 mingdan ziyod ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish loyihalarini ishga tushirish orqali qoʻshimcha 100 mingta yangi ish oʻrnini yaratish;
(b) kambagʻallik va ishsizlikdan xoli mahallalar sonini 3,5 mingtaga yetkazish;
(v) mahallalar infratuzilmasini takomillashtirishga 20 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltirib, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish;
(g) mahallalardagi muammolarni bir vaqtning oʻzida tezkor hal etishda barcha davlat organlariga masʼuliyatni yuklab, ijroni 24/7 rejimda onlayn nazorat qilish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.
2. Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Mahalladagi islohotlar dasturi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Qoʻchqorov va A. Ramatov, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi raisi K. Kuranbayev Mahalladagi islohotlar dasturi ijrosini taʼminlash va belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
4. Quyidagilar iqtisodiy islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) soha va tarmoqlarni texnologik oʻsish modeliga oʻtkazish orqali yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilgacha 240 milliard AQSH dollaridan oshirish uchun zarur sharoitlarni yaratib, joriy yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard AQSH dollariga yetkazish;
(b) iqtisodiy oʻsishni 6,6 foizga yetkazish, inflyatsiya darajasini 6 — 6,5 foizga tushirish, budjet taqchilligini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foiz darajasida saqlash;
(v) 1 million nafar fuqaroni doimiy ish bilan taʼminlash va 263 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish orqali kambagʻallik darajasini 2,8 foizgacha hamda ishsizlik darajasini 4,5 foizgacha tushirish;
(g) iqtisodiyotga 50,4 milliard AQSH dollari miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun zarur sharoitlarni yaratish;
(d) xizmatlar bozori hajmini 100 milliard AQSH dollaridan oshirish choralarini koʻrish;
(j) qurilish ishlari hajmini 11 foizga koʻpaytirib, 30 milliard AQSH dollariga yetkazish va 4 milliard AQSH dollarilik 3,5 mingdan ziyod yangi xizmat koʻrsatish obyektlari ishga tushirilishini taʼminlash.
5. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish hamda ichki bozorda talabni ragʻbatlantirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Iqtisodiy islohotlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Bosh vazir oʻrinbosarlari J. Qoʻchqorov va J. Xodjayev, Markaziy bank raisi T. Ishmetov Iqtisodiy islohotlar dasturi ijrosini taʼminlash va belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
7. Quyidagilar kasblarni rivojlantirish boʻyicha ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab 7 ta hududda ilgʻor kasbiy mahorat texnikumlarida “Kasblar shaharchalari”ni tashkil etib, ular orqali maktab oʻquvchilarini zamonaviy kasblarga yoʻnaltirish;
(b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab texnikumlarda stipendiya toʻlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
(v) hududlarda 24 ta malakani baholash markazlarini tashkil etib, mehnat bozorida tan olinadigan sertifikat berishni joriy etish;
(g) Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi davlatlarning ilgʻor taʼlim dasturlari joriy qilingan texnikumlar sonini 100 taga yetkazish.
8. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Kasblarni rivojlantirish dasturi) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
9. Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J. Qoʻchqorov, oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri K. Sharipov, kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri B. Zaxidov Kasblarni rivojlantirish dasturi ijrosini taʼminlash va belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
10. Quyidagilar ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish hisobiga 7 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilish va atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldini olish;
(b) 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab dual taʼlim tizimi asosida har bir hududda 14 ta “yashil” texnikum tashkil etish;
(v) ekspluatatsiya muddati oʻtgan avtomobillar utilizatsiyasini tashkil etish va uning komponentlarini qayta ishlash amaliyotini yoʻlga qoʻyish;
(g) elektromobil sotib olishni ragʻbatlantirish uchun aholiga 16 foizgacha stavkada boʻlgan kreditlar ajratish tartibini joriy etish;
(d) ochiq drenaj, kollektor va kanallarni yopiq tizimga oʻtkazish boʻyicha amaliy tadbirlarni tashkil etish;
(j) 504 ming gektar maydonda suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish orqali 5 milliard metr kub suv iqtisod qilinishini taʼminlash;
(z) 1,3 ming kilometr kanallar, sugʻorish tarmoqlari va boshqa irrigatsiya obyektlarini betonlashtirish orqali yiliga qoʻshimcha 500 million metr kub suv iqtisod qilinishini taʼminlash.
11. Ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi A. Abduhakimov, Bosh vazir oʻrinbosari J. Xodjayev, energetika vaziri — J. Mirzamaxmudov tegishliligi boʻyicha:
(a) Ekologik muvozanatni taʼminlash va suvdan oqilona foydalanishni tashkil etish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi ijrosini taʼminlash;
(b) belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
13. Quyidagilar davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish boʻyicha ustuvor islohotlarning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
(a) Oliy Majlis palatalarining tashqi qarzni boshqarish sohasidagi vakolatlarini kengaytirish;
(b) deputatlarning ekologik muammolar oqibatlarini yumshatish doirasida aholi uchun mahallalarda yashil bogʻlar, yashil jamoat parklarini tashkil etishdagi vakolatlarini kengaytirish;
(v) jamiyatni yuksaltirishda va mavjud dolzarb muammolarni hal etishda davlat va fuqarolik jamiyati institutlarining birlashgan holda hamnafas boʻlib faoliyat yuritishini taʼminlash;
(g) oʻta ogʻir jinoyatlarga doir ishlarni sudda jamoatchilik vakillaridan iborat xalq vakillari hayʼati ishtirokida koʻrib chiqish amaliyotini joriy etish;
(d) jinoyat protsessida majburlov choralari qoʻllanishi ustidan sud nazoratini kuchaytirib, tergov sudyalari vakolatlarini kengaytirish;
(j) korrupsiya, giyohvandlik, ayollar va bolalarga nisbatan zoʻravonlik kabi jamiyat oldida turgan dolzarb muammolarga qarshi kurashish boʻyicha samarali tizimni yoʻlga qoʻyish.
14. Davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish, jamiyatda birdamlikni taʼminlash orqali uni yuksaltirish boʻyicha ustuvor islohotlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Davlat boshqaruvi va sud-huquq islohotlari dasturi) 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, Oliy sud raisi B. Islamov, Sudyalar oliy kengashi raisi X. Yodgorov, Bosh prokuror N. Yoʻldoshev tegishliligiga koʻra Davlat boshqaruvi va sud-huquq islohotlari dasturi ijrosini taʼminlash va belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.
16. Quyidagilar:
(a) Bosh vazir A. Aripov islohotlar dasturlarida nazarda tutilgan tashabbuslarning oʻz vaqtida, sifatli va soʻzsiz ijrosini taʼminlash, bu borada vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib, ijro holatini qatʼiy nazoratga olish uchun shaxsan masʼul etib belgilansin;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar va tuman (shahar)lar hokimlariga islohotlar dasturlarini hududlar kesimida amalga oshirish boʻyicha shaxsiy masʼuliyat yuklansin;
(v) islohotlar dasturlari ijrosi va belgilangan maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi uchun masʼul rahbarlar har chorak yakuni boʻyicha islohotlarning ijro holati va natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borsin;
(g) islohotlar dasturlarida ijro uchun masʼul vazirlik va idoralar ikki hafta muddatda tegishli bandlarda yil yakuni boʻyicha erishiladigan natijalarni taʼminlash mexanizmlari va choraklik samaradorlik koʻrsatkichlarni nazarda tutuvchi ish rejalarini ishlab chiqib, tasdiqlash va ularning nazoratini yuritish, ijrosi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berib borish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
II. “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturini bajarish va nazorat qilish
17. “Oʻzbekiston — 2030”
strategiyasini “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi (keyingi oʻrinlarda — Davlat dasturi) doirasida quyidagilar 6 — 8-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin:
(a) amaliy tadbirlar rejasi;
(b) ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati;
(v) strategik normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxati.
18. Belgilansinki, mazkur Farmonning 17-bandida nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar belgilangan tartibda qabul qilingandan soʻng ijro nazoratidan chiqariladi.
19. Quyidagilar:
(a) Adliya vazirligi va Hisob palatasi Davlat dasturi doirasida:
(i) yoʻnalishlar boʻyicha amaliy tadbirlar rejalari bajarilishi;
(ii) maqsadli koʻrsatkichlarga erishilishi;
(iii) tegishli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqilishi boʻyicha tizimli monitoring yuritilishini taʼminlasin;
(b) Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi strategik normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari roʻyxatida belgilangan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishish jarayonlarini muvofiqlashtirib borsin;
(v) “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakati Davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan:
(i) joylarga chiqib, jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tanqidiy oʻrganib borsin;
(ii) natijalari boʻyicha har oyda Adliya vazirligi, Hisob palatasi hamda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligiga axborot kiritib borsin;
(g) davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakatining Davlat dasturi ijrosini oʻrganib borish boʻyicha faoliyatiga har tomonlama koʻmaklashib borsin.
20. Vazirlar Mahkamasi:
(a) har oy yakuni boʻyicha Davlat dasturi ijrosi yuzasidan maʼlumotlarni umumlashtirib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritib borsin;
(b) har chorak yakuni boʻyicha Davlat dasturida yuklatilgan vazifalarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini Vazirlar Mahkamasining Rayosati yigʻilishida muhokama qilib borsin;
(v) har yarim yilda Davlat dasturi ijrosi yuzasidan hisobotlarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritib borsin.
21. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda muntazam ravishda:
(a) Davlat dasturini amalga oshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng sharhlab borilishini hamda uning mazmun-mohiyati jamoatchilikka tushuntirilishini;
(b) Davlat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan barcha tadbirlarning borishi va natijalari toʻgʻrisidagi xolis va toʻliq maʼlumotlar aholiga tezkorlik bilan yetkazilishini taʼminlasin.
22. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsan javobgar etib vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
23. Mazkur Farmon ijrosini muntazam ravishda muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish “Oʻzbekiston — 2030”
strategiyasini amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi zimmasiga yuklansin.
24. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-fevral,
PF-22-son